Shu yil 20-sentabr kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta’lim vazirligining navbatdagi Hay’at Kengashi majlisi video-selektor shaklida o`tkazildi.
Unda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining 2016 yil 8 sentyabrdagi qo`shma majlisida qabul qilingan qarori va O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi – O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyevning nutqida bayon etilgan vazifalar ijrosini ta’minlash masalalari ko`rib chiqildi.
Mazkur nutqda ta’kidlanganidek, mamlakatimiz rahbari siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan strategik ahamiyatga ega bo`lgan masalalarni yechish bilan bir qatorda, jamiyatimiz hayotini, fuqarolarimizning ongu tafakkuri va dunyoqarashini tubdan o`zgartirishga qaratilgan ko`pqirrali vazifalarga doimo katta e’tibor qaratar edilar. “Farzandlarimiz bizdan ko`ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo`lishlari shart” degan chuqur ma’noli fikrlari hammamizning qalbimizda muhrlanib qolgan. Yurtboshimiz mamlakatimizning bugungi va ertangi kunini hal qiluvchi kuch bo`lib maydonga chiqayotgan yoshlarimizning tafakkuri va dunyoqarashini keskin o`zgartirish, mutlaqo yangi ta’lim va tarbiya tizimini yaratish va hayotga tatbiq qilish ishlariga bevosita mualliflik va rahbarlik qildilar. Yurtimizda ilm-fan, sog`liqni saqlash, madaniyat va san’at, sport kabi muhim sohalar faol tarzda rivojlanmoqda.
O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta’lim vaziri Rustam Qosimov o`z so`zida ta’lim va tarbiya, ilm-fan masalalari, yoshlarimizning chuqur bilimga ega bo`lishi, chet tillarini va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini puxta egallashini ta’minlash doimiy ustuvor vazifamiz bo`lib qolishini alohida ta’kidladi.
Hay’at Kengashi majlisida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi – O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyevning nutqida belgilab berilgan eng muhim vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.