222a78e6 d4b0 6ef2 4125 3584b2705e1b

 

O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta’lim vazirligida “Oliy ta’lim muassasalarining pedagog va rahbar kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish jarayonlarini takomillashtirish mazmuni hamda ilg`or xorijiy tajribalar” mavzuida matbuot anjumani o`tkazildi.

Unda yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlari va xalqaro ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Anjumanda so`z olganlar, O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti tomonidan 2015-yil 12-iyundagi “Oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida” gi Farmoni ijrosini ta’minlashda Oliy va o`rta maxsus ta’lim vazirligi, Bosh ilmiy-metodik markaz hamda Tayanch oliy ta’lim muassasalari huzuridagi tarmoq markazlari tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etib o`tildi.

Tadbirda pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishning ustuvor yo`nalishlari bo`yicha xorijiy mutaxassislar hamkorligida qator o`quv rejalar va dasturlar ishlab chiqilganligi alohida ta’kidlab o`tildi.

Mazkur o`quv rejalariga, 401 ta yangi modullar kiritilib, qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari uchun mazkur modullarga mos 325 nomdagi xorijiy adabiyotlarning elektron variantlari olinib, ular asosida yangi kiritilgan o`quv modullari bo`yicha 325 ta o`quv uslubiy majmua tayyorlandi.

Hozirgi kunda pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo`yicha tayanch oliy ta’lim muassasalari huzuridagi tarmoq markazlariga direktor o`rinbosari sifatida Janubiy Koreya, Italiya, Avstriya, Yaponiya, AQSh, Ispaniya, Fransiya kabi davlatlardan 15 ta xorijiy mutaxassislar jalb etildi.

Aprel-may oylarida nomzodlar uchun Germaniya, Yaponiya, Angliya, Janubiy Koreya, Italiya, Ispaniya, AQSh, Portugaliya kabi davlatlardan jalb etilgan 34 nafar xorijiy mutaxassislar ishtirokida 24 soatga mo`ljallangan qisqa muddatli trenerlar tayyorlash kurslari tashkil etildi.

Xorijiy tajribalar asosida oliy ta’lim muassasalari rahbar kadrlarini qayta tayyorlash va ularning qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining o`quv-me’yoriy va metodik ta’minotini takomillashtirish maqsadida Yevropa Komissiyasining Erasmus+ loyihasi doirasida Latviya, Buyuk Britaniya, Gretsiyaning nufuzli universitetlari hamda O`zbekistondagi Britaniya Kengashi bilan hamkorlikda qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Источник: Axborot xizmati

 

14.09.2016