KARMANADA YANGI MAHALLA BINOSI FOYDALANISHGA TOPSHIRILDI
Bugun Karmana tumanida Davlat-xususiy sherikchilik asosida yangidan barpo etilgan "Kumushkon" mahallasi binosining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbirda tuman hokimi o‘rinbosari Elyor Kenjayev, O‘zbekiston mahallalar uyushmasi tuman bo‘limi boshlig‘i Sobir Baxronov, tegishli mutasaddi tashkilot rahbarlari, mahalla fuqarolari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. Tadbir avvalida mahalla binosi hududida tashkil etilgan milliy taomlar ko‘rgazmasi, milliy sport o‘yinlari tomosha qilinib, g‘oliblarga esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
Shundan so‘ng, rahbarlar so‘zga chiqib, mahalla ahlini shodiyona kun bilan muborakbod etdi. Mahalla binosini barpo etilishida mas'uliyat bilan xizmat qilgan tadbirkorga tuman hokimining tashakkurnomasi topshirildi. Shuningdek, ramziy lenta kesish marosimi o‘tkazilib, ushbu mahalla binosida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishib chiqildi. Nuroniy otaxon va onaxonlar tomonidan ushbu mahalla mas'ullarining faoliyatiga omad tilab, duolar qilindi.