Tuman hokimi V.Adizovning “Navro‘z”
umumxalq bayrami munosabati bilan tumandoshlarimizga yo‘llagan
TABRIGI

ASSALOMU ALAYKUM!
Qadrli yurtdoshlar, aziz tumandoshlar!
             Ayni kunlarda barchamiz diyorimizga kirib kelayotgan, yasharish va yangilanish ramzi bo‘lgan Navro‘zi olamni cheksiz hayajon bilan kutib olmoqdamiz. Fursatdan foydalanib, Sizlarni, Siz azizlar orqali, tumanimiz ahlini, yurtimizning eng qadimiy va eng aziz bayrami – Navro‘z umumxalq bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
Bu bayram asrlar davomida xalqimizning eng ezgu qadriyatlarini, mehr-oqibat, hamjihatlik va birdamlik kabi insoniy fazilatlarini o‘zida mujassam etib kelmoqda.
           Navro‘z – tabiat uyg‘onishi bilan birga inson qalbidagi yangi niyatlar, orzu-umidlar ham yashnay boshlaydigan, yangilanish ramzi bo‘lgan bayramdir. Bugun biz ushbu qutlug‘ ayyomni tinchlik va barqarorlik hukm surayotgan yurtimizda, katta shodu-xurramlik bilan nishonlamoqdamiz.
Albatta, Navro‘z shunchaki tabiatning uyg‘onish fasli emas, balki inson ruhiyati va jamiyat taraqqiyoti uchun ham muhim sanaladi. Bu bayram azaldan xalqimiz orasida saxovat, mehr-oqibat va insoniylikni targ‘ib qiluvchi ayyom sifatida nishonlanib kelgan. Ajdodlarimiz bu kunlarda yurtdoshlariga yaxshilik qilish, xayr-saxovat tadbirlarini o‘tkazish, qarindosh-urug‘lar, qo‘ni-qo‘shnilar bilan rishtalarni mustahkamlash kabi ezgu an’analarni amalga oshirib kelganlar.
Bugungi kunda ham Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida ushbu qadriyatlar yanada mustahkamlanib, hayotimizga chuqur singib bormoqda.
Ayniqsa, ijtimoiy himoya, mehr-muruvvat tamoyillari asosida kambag‘al oilalar, yetim-yesirlar va imkoniyati cheklangan oilalarga ko‘mak ko‘rsatish, ularga e’tibor qaratish Navro‘z bayramining ajralmas qismiga aylangan.

Hurmatli tumandoshlar!
Keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida tumanimiz ham har tomonlama rivojlanib bormoqda. Iqtisodiyotimiz mustahkamlanib, yangi ish o‘rinlari yaratilib, qishloq xo‘jaligi va tadbirkorlik rivoji yo‘lida ulkan qadamlar qo‘yildi.
Xususan, Navro‘z bayrami arafasida tumandagi obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari avj olib, bog‘-rog‘lar, xiyobonlar yangilanmoqda. Yangi uylar, yo‘llar va infratuzilmalar barpo etilayotgani tumanning yanada ravnaq topishiga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, Karmana tumanining investitsiyaviy jozibadorligi oshib, dunyoning 30 dan ortiq davlatlari bilan qo‘shma korxonalar faoliyat yuritmoqda, qolaversa, yoshlarimizning zamonaviy bilimlar egalashi uchun ta’lim tizimiga alohida e’tibor berilmoqda va aholining sog‘liqni muxofaza qilish, sport va madaniyat yo‘nalishlarida ham sezilarli yutuqlarga erishilganligini aytib o‘tish lozim.
Bugungi yoshlarimiz zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni o‘rganib, yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqdalar. Bu esa, shubhasiz, kelajak avlodimiz uchun mustahkam poydevor bo‘ladi.

Qadrli yurtdoshlar!
Fursatdan foydalanib, Sizlarni yana bir bor yasharish va yangilanish ayyomi bilan tabriklayman! Navro‘z yurtimizga, tumanimizga, har bir oila, har bir xonadonga ezgulik, baxtu saodat, farovonlik olib kirsin. Hayotimizni quvonchli kunlar, to‘y va tomoshalar tark etmasin. Yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin.
Navro‘zi olam barchamizga muborak bo‘lsin!