Ba'zi viloyatlarda tarqalishi kuzatilayotgan kartoshka va pomidor kuyasiga o‘z vaqtida kurashilmasa, hosilning katta qismiga zarar yetkazishi mumkin.
Kartoshka kuyasi kartoshka, tamaki, baqlajon, bodring , pomidor va boshqa ituzumdoshlar oilasiga kiruvchi o‘simliklarga katta zarar yetkazuvchi xavfli hasharot hisoblanadi. Kapalagi kichkina, och kulrang tusda bo‘ladi. Tinch holatda qanotlari yelkasiga yig‘ilib turadi. Oldingi qanotlarining kattaligi 12-15 mm atrofida. Erkagining oldingi qanotlari urg‘ochiga nisbatan 2-2,5 mm kichikroq bo‘ladi. Oldingi va o‘rta oyoqlari och-kulrang, tashqi tomoni va panjalari jigarrang tusda. Orqa oyoqlari uzun och sarg‘ish va panjalari jigarrang momiqlar bilan qoplangan.
Tuxumining shakli oval bo'ladi. Ba’zan bir tomoni botiqroq bo‘ladi. Eni 0,35-0,45 mm, uzunligi 0,8 mm kattalikda bo‘ladi. Yangi qo‘yilgan tuxumlari oq rangda kamalaksimon tovlanib turadi. Qobig‘i silliq bir tomoni to‘rsimon. Vaqt o‘tishi bilan tuxum to‘q rangga kiradi va qurt chiqishidan oldin qobiqdan ko‘rinib turadi. Kuya lichinkasi umri davomida 4 yoshni o‘taydi, lichinka 11–26 kungacha rivojlanadi. Kartoshka kuyasi havo harorati +40 S dan yuqori bo‘lganda 7 kunda rivojlanadi. +270Slik haroratda zararkunandaning rivojlanishi 25 kunga cho‘ziladi. Bir yilda 5-6 avlod beradi. Qulay sharoitda kartoshka kuyasi yiliga 11–13 tagacha avlod berishi ham mumkin.
Kartoshka kuyasi ko‘chatlarga ham, o‘zini tutib olgan o‘simliklarga ham zarar yetkazadi, ko‘chatlarning ayrim barglarini va ba’zan butun tupini quritib qo‘yadi. Kartoshka kuyasi ba’zan pomidorning mevasiga ham zarar yetkazib, uni yaroqsiz qilib qo‘yadi. Kartoshka kuyasining kapalagi ekinlarning bargidan tashqari yuzaroqdagi kartoshkasiga ham zarar yetkazadi. Qattiq zararlangan barglar qurib, qo‘ng‘ir tusga kiradi va qovjirab yorilib ketadi. Kuya ko‘paygan dalalar kuyganga o‘xshab qoladi. Kuzda o‘simliklarning uchlaridagi qo‘shni barglar ko‘pincha o‘rgimchak iplari bilan bir-biriga yopishib qoladi. Zararlangan kartoshka yuzasi qurt kirgandan bir necha kun keyin pushti dog‘ bo‘lib qoladi. Zararlangan pomidor va kartoshka aksariyati chirib ketadi.
Dalada kartoshka qazib olingandan keyin, omborga kuya lichinkalari bilan zararlangan tugunaklar olib kirilsa, 25-80 foiz saqlanayotgan kartoshka tugunaklari nobud bo‘lishi mumkin.
Kartoshka kuyasiga qarshi kurash choralarida zararkunanda tarqalgan davlatlardan kelayotgan yuk mashinalari va yuklarni karantin tekshiruvidan o‘tkazib, transport vositalarini zararsizlantirish muhim rol o‘ynaydi. Ituzumdoshlar oilasiga kiruvchi o‘simliklarni doimiy nazorat qilib, tekshirib turish lozim. Zararlangan kartoshka poyasini o‘rib olish va yo‘qotish kerak. Daladan kartoshkani tez yig‘ishtirib olish va olib chiqib ketib, belgilangan tartib qoidalar asosida kartoshka mevasini brom-metil bilan zararsizlantirish lozim. Ekish maqsadida saqlanmoqchi bo‘lgan urug‘lik kartoshkani profilaktika uchun 3 tonnasiga, 0,2-0,25 l Entolucho 20 % em.k. + 0,1l Entosilan 20 % n.kuk. preparatlari bilan 150-200 l ishchi eritma tayyorlab ishlov berib 2 soat dimlab so‘ng omborga olib kirish lozim.
Kartoshka ekilgan maydonlarda kartoshka kuyasi kapalagi yaxshi ucha boshlaganda yoki lichinkasi zarari aniqlanishi bilan entovant 15 % em.k.preparatini 0,45-0,5 l/ga me’yorida kechki salqinda 250-300 l ishchi eritma tayyorlab ishlov berish kerak. Oradan 10-15 kun o‘tkazib ikkinchi ishlovni entovant 15 % em.k. 0,4l/ga va entolucho 20 % em.k. 0,2 l /ga ishlov o‘tkazish kerak.
Pomidor kuyasi asosan pomidor, kartoshka, baqlajon, yovvoyi pomidor va tamaki ekinlarini zararlaydi. Bu hasharotning kapalagi asosan kechqurun harakatlanadi. Kapalagining uzunligi 8-10 mm bo‘lib, qanotlari kulrang yaltiroq, old tomonida qora dog‘lar joylashgan. Urg‘ochi kapalak o‘simlik bargining ostki, ustki va o‘suv nuqtalariga 260 tagacha tuxum qo‘yadi. Tuxumi och sariq bo‘lib, 0,36-0,22 mm keldi.
Tuxumdan chiqqan qurtlar oqish kulrang, bosh qismi qoramtir bo‘ladi. Qurtlari 4 yoshni o‘tab g‘umbakka aylanadi. Birinchi yosh qurt 1,0 mm 4-yosh qurt esa 7-8 mm kattalikda bo‘ladi. Havo haroratiga qarab qurtlar 13-15 kunda tuproq va g‘ovak orasiga g‘umbakka ketadi. Bir yilda 6-12 martagacha avlod berib ko‘payadi. Pomidor kuyasi bargining (bir tekisda) parenxima to‘qimalari bilan oziqlanib, uning orqa va old tomonidagi epidermis qatlaminigina qoldiradi. Ayrim paytlarda bargni to‘liq zararlamasdan boshqa barglarga ham kirib olishi tufayli ularning chiqargan axlati va turli xil kasallik tug‘diruvchi mikroorganizmlar hisobiga o‘simlik mevasi chiriy boshlaydi.
Pomidor kuyasiga qarshi kurash choralarida o‘simlikning zararli organizmlariga chidamliligini oshirish uchun mineral ozuqa berish, o‘z vaqtida sug‘orish, o‘g‘itlash, zararlangan o‘simliklarni issiqxonadan chiqarib, ko‘mib yoki yoqib yuborish, begona o‘tlardan (ayniqsa, ituzumdoshlar oilasiga mansub) tozalash va issiqxonani dezinfeksiya qilish ishlarini amalga oshirish kerak. Shuningdek, feromon tutqichlardan foydalanish (1 ga maydonga 20 dona), zararkunandaga qarshi kapito, fufanon, fokumi, iziom, vertimek kabi insektitsidlar bilan kimyoviy kurash choralarini o‘tkazish hamda vegetatsiya davri tugagandan so‘ng tavsiya etilgan insektitsidlar bilan ishlov berib, yig‘ib olingan o‘simlik qoldiqlarini yoqib yuborish kerak.
Yana shuni ham ta’kidlash kerakki, kartoshka va pomidor kuyasiga qarshi samarali kurash usullaridan biri – almashlab ekishdir. Ya’ni bu yil pomidor yoki kartoshka ekilgan maydonlarga keyingi yil bu o‘simliklarni ekmaslik kerak.
Navoiy viloyati O‘KCHM inspektorlar:
Mardonov Sirojiddin
Barnoyeva Zarifa
Mo‘minova Mohichehra