Zararkunanda Olma mevaxo‘ri hasharotiga qarshi kurash choralari.

   Olma mevaxo‘rining zarari asosan mevani shikastlashi, uning sifatini pasaytirib hosildorlikni kamaytirishi bilan ifodalanadi. Turli yillarda iqlim sharoiti hamda tabiiy kushandalarning ahamiyatiga qarab bu hasharotga qarshi kurashilmasa, u urug‘li meva daraxtlarining hosildorligini 30% dan 70% gacha kamaytirib yuborishi mumkin. Kapalaklari qanot yozganda 17-22 mm keladi, oldingi juft qanotlari kulrang, eng uchida yirik burchak dog‘i bor, qanotlarini yig‘ib o‘tirganida ular o‘ziga xos umumiy dog‘ni tashkil qilib, boshqa kapalaklardan keskin ajratib turadi. Orqa juft qanotlari och qo‘ng‘ir tusli. Qanotlarining tashqi chekkasida kalta, qoramtir popugi bo‘ladi. Tuxumi yumaloq (1,5 mm) yassi, rangi oqish. Tuxumdan chiqqan qurti oqish tusda. Keyinchalik qurtning boshi va ensa usti och qo‘ng‘ir yoki qizg‘ish tusga kiradi. Voyaga yetgan qurtning kattaligi 19 mm keladi, usti pushti, ost tomoni oq yoki sarg‘ish. G‘umbagi oq yumshoq pilla ichida joylashadi, kattaligi 10-12 mm, tusi jigarrang, 8 va 9-segmentlarida hamda qorin oxirida bir qator tikanlari mavjud. Olma mevaxo‘ri oxirgi yosh qurt shaklida (po‘stloq osti, soxta belbog‘, yashik, qop, xascho‘plar osti, yer sathiga yaqin tuproq) qishlab chiqadi. Bahorda o‘rtacha 10 kunlik havo harorati 10°Cdan oshishi bilan qurtlar sekin-asta g‘umbaklana boshlaydi. Bu jarayon cho‘zilganligi sababli, kapalak uchib chiqishi ham 1,5-2 oyga cho‘ziladi. Olma mevaxo‘rining sharoitga moslashish qobiliyati yuqori, hatto ayrim qishlab qolgan (diapauzadagi) qurtlar keyingi yilgacha qolib ketishi mumkin. Kapalaklar uchib chiqishi qurtlar g‘umbaklanganidan 2-3 hafta keyin sodir bo‘lishi mumkin. Bunda birinchi bo‘lib erkak zotlar paydo bo‘ladi
Olma mevaxo‘ri olma, nok bog‘larida keng tarqalib, hosilli mevali daraxtlarga katta zarar yetkazadi. Uning lichinkalari mevalar bilan oziqlanib, yaroqsiz holga keltiradi. Mevada teshikcha hosil qilib, muddatidan oldin to‘kilishiga olib keladi. Bu bog‘bonlar uchun katta yo‘qotish bo‘ladi.
Olma mevaxo‘ri lichinkalariga qarshi kurashda kimyoviy va biologik insektitsidlar ishlatiladi. Bunda foydali hasharotlar hamda changlatuvchilarga qiron keltirmaslik uchun ehtiyot bo‘lib foydalanish zarur. Shuningdek, yiqilgan yoki zararlangan mevali shoxlarni olib tashlash, yo‘q qilish kabi sanitariya choralari qishlaydigan lichinkalar populyatsiyasini kamaytirishga yordam beradi. Erkak olma mevaxo‘rini chalkashtirib yuborish uchun ko‘p miqdorda sintetik feromonlar ishlab chiqarilgan. Bu feromonlar juftlashishni buzib, ularning populyatsiyasini nazorat qilishga yordam beradi. Feromon tuzoqlari va vizual tekshiruvlar yordamida mevali bog‘larni muntazam ravishda kuzatib borish olma mevaxo‘ri zararkunandasini erta aniqlashga yordam beradi. Har bir feromon tutqichda I avlodida bir hafta mobaynida 5 ta va undan ko‘p, II va III avlodlarida 2-3 dona kapalak ushlanib, 10 ta mevaning bittasi zararlangan bo‘lsa, kimyoviy hamda boshqa usullarni qo‘llash kerak.


Navoiy viloyati O‘KCHM inspektorlar:
Mardonov Sirojiddin
Barnoyeva Zarifa
Mo‘minova Mohichehra