G‘O‘ZADA DOLZARB 40 KUNLIK TADBIRLARI
Navoiy viloyati O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasining joriy yilning 4- iyuldagi “Dolzarb 40 kunlik “ tadbirini o‘tkazish to‘g‘risidagi № 44 sonli buyrug‘i ishlab chiqilgan. Ushbu buyruqda viloyat va tuman hududlaridagi g‘o‘za maydonlarida uchraydigan xavfli zararkunandalar (shira, trips, ko‘sak qurti, o‘rgimchakkana, qandala va boshqalar), kasalliklar va begona o‘tlarga qarshi kurash tadbirlarini amalga oshirish uchun 2024 yilning 2 iyulidan 10 avgustga qadar “Dolzarb qirq kunlik” deb eʼlon qilingan. Bunda, tadbir o‘tkaziladigan hudud yetib agroklasterlar, fermer-dehqon xo‘jaliklari g‘o‘za maydonlari belgilab berilgan.
Yuqoridagi buyruq ijrosini taʼminlash maqsadida Karmana tumanida 2024 yil paxta hosili uchun parvarish qilinayotgan 4595 gektar g‘o‘za maydonlari tuman o‘simliklar karantini va himoyasi fitosanitar nazorati davlat inspektorlari tomonidan zararkunandalarga qarshi qo‘yilgan feramon tutqichlar, dala daftarlarining to’ldirishi, g‘o‘za maydonlari kunlik fitosanitar nazoratdan o‘tkazilib, 40 kunlik doirasida joylarda seminarlar tashkil qilinmoqda.
Bugungi kunda g‘o‘za nihollariga asosan o‘rgimchakkana hamda ko’sak qurti zararkunandalari zarar yetkazishi mumkin.
O‘rgimchakkanalar ????
Lotincha nomi: Tetranychidae
Zarari: O‘rgimchakkana – Markaziy Osiyoda g‘o‘za va boshqa poliz ekinlarining eng xavfli zararkunandalaridan biri. Bu zararkunanda ayrim dalalarda paxta hosilining yarimidan ko‘proq qismini nobud qilib qo‘yishi mumkin. Odatdagi yillarda o‘rgimchakkana yalpi paxta hosilining 6–10 % , baʼzi yillarda esa hatto
50-60 % nobud qiladi.
O‘rgimchakkana hosilni kamaytirish bilan birga paxta sifatini ham pasaytiradi. Kana ko‘plab tushgan g‘o‘za tuplaridagi ko‘saklarning tolasi 1–1,5 mm qisqaradi. O‘rgimchakkanalar 248 turdagi o‘simlik bilan oziqlanadi, shundan 173 turi begona o‘tlar, 38 turi butalar, 37 turi qishloq xo‘jalik ekinlaridir.
Kurash choralari: Kimyoviy usul: O‘rgimchakkanaga qarshi oldini olish (profilaktik) chora sifatida oltingugurt talqonidan yetarlicha changlatish, 0,5-1 C gradusli oltingugurtli ohakli qaynatmasidan gektariga 300 litr purkash tavsiya etiladi. Shu o‘rinda taʼkidlash joiz, oltingugurt kukuni qanchalik maydalangan bo‘lsa samarasi shunchalik yaxshi bo‘ladi va o‘simlik bargi ustidan yomg‘ir suvlari yoki shamol taʼsirida yuvilib ketishi qiyinlashadi.
Vegetatsiya davomida 10% o‘simliklar bargining orqa sathi o‘rgimchakkana bilan 5-25% qoplanganda yoki iqtisodiy zarar miqdor mezondan oshganda o‘rgimchakkana uchun kimyoviy vositalar qo‘llash lozim bo‘ladi.
O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi Karmana tuman bo‘limi fitosanitar nazorati davlat inspektorlari Furqat Raxmatov, Vaxobjon Odilov, Mustafo Nazarov, Mohichehra Mo’minova