KАRTOSHKА KUYASI EKIN KUSHАNDАSI

                2024 yil hosili uchun Karmana tumanida fermer va dexqon xoʼjaliklari hamda aholi tomorqalarida 569 gektar maydonda kartoshka ekib parvarish qilinmoqda . Hozirgi kunda kartoshka ekinlarining hosildorligi pasayib ketishiga har xil zararkunandalar sabab boʼlmoqda. Shulardan eng asosiysi kartoshka kuyasi hamda kalorado qungʼizidir.

Kartoshka kuyasi - kapalaklar turkumining oʼyiq qanotli kuyalar oilasidan mansub boʼlib: kartoshka, pomidor, baqlajon va boshqa ituzumdoshlar oilasiga mansub oʼsimliklarga katta zarar yetkazuvchi xavfli hasharot hisoblanadi.

Kartoshka kuyasi oʼsimliklarni dalada, ularning hosilini esa omborxonalarda saqlash davrida zararlaydi. Kartoshka kuyasi daladagi kartoshkani 48-69% gacha, omborda saqlanayotgan kartoshkani esa 80-100% gacha zararlashi aniqlangan.

Kartoshka kuyasining kapalagi kichkina, och kulrang tusda boʼladi. Tinch holatda qanotlari yelkasiga yigʼilib turadi, qanotlarini yoyganda 12-15 mm atrofida, erkaginiki urgʼochisinikiga nisbatan 2-2,5 mm kichikroq boʼladi. Qanotlarida toʼq rangli chiziqlar va qora dogʼlar bor. Tuxumi oval shaklda, eni 0,35-0,45, uzunligi 0,8 mm kattalikda, yangi qoʼyilgan tuxumlari oq rangda, kamalaksimon tusda tovlanib turadi. Qurt tuxum ichidan kemirib oʼziga chiqish uchun teshik ochadi va tuxumdan chiqadi. Tuxumdan chiqqan lichinka esa 1,2 mm uzunliqda, rangsiz yoki och qizgʼish tusda boʼladi, bosh qismi qora rangda. Yetuk qurtlar 10-13 mm uzunlikda, eni 1,5mm, rangi sargʼimtir qizgʼish yoki yashilsimon kul-rang tusda, bosh qismi jigarrang yoki qora rangda boʼladi.

Qurtlar kartoshkaning bargi, poya novdasi va tuganagi bilan oziqlanadi. Qurtlar asosan yupqa pillaga oʼralib bargda, poya ichida va tuproqdagi kesaklarga yopishib gʼumbakka aylanadi, gʼumbagi jigarrangda boʼladi. Kartoshka kuyasining kapalagi 6-19 kun yashab, otalangandan soʼng 150-200 tagacha tuxum qoʼyadi.

U ertalab va kechqurun quyosh botgandan soʼng uchadi, kunduzlari bargning ostki tomonida va boshqa pana joylarda yashirinib oʼtiradi. Zararkunanda ochik dalalarda 5-chi yosh qurt yoki gʼumbak shaklida qishlaydi.

Kartoshka kuyasi yozda ochiq sharoitda, qishda esa omborxonalarda rivojlanishini davom ettirib, yilda 7-9 ta avlod beradi. Shundan: 5-6 tasi yozda, 2-3 tasi kuz-qish-erta bahor fasliga toʼgʼri keladi.

Kartoshka kuyasiga qarshi agrotexnik kurash choralari:

a) Ituzumdoshlilar oilasiga mansub boʼlmagan ekinlar bilan almashlab ekish;

b) Ekindan boʼshagan yerlarga mexanik ishlov berish (chuqur haydash);

v) Zararlangan oʼsimlik qoldiqlarini hamda zararlangan kartoshka tuganaklarni daladan chiqarib yoʼq qilish.

Tuman xududlaridagi fermer va dexqon xoʼjaliklari hamda aholi tomorqalarida yetishtirilayotgan kartoshkadan sifatli va yuqori hosil olish uchun bugungi kunda amalga oshirilishi zarur boʼlgan agrotexnik tadbirlar boʼyicha fitosanitar nazorati davlat inspektori tomonidan doimo fitosanitar nazorat tadbirlari oʼtkazilib borilmoqda.

 

Oʼsimliklar karantini va himoyasi boshqarmasi Karmana tuman boʼlimi fitosanitar nazorati davlat inspektorlari Mustafo Nazarov, Vaxobjon Odilov , Rasul Ochilov,