Tuman hokimi F. Umarovning
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligi munosabati bilan tuman ahliga bayram
T A B R I G I
Assalomu alaykum,qadrli do‘stlar!
Aziz tumandoshlar!
Shunday qutlug‘ kunlarda, barchamiz uchun, Eng ulug‘ va Eng aziz ayyom bo‘lmish, Mustaqillik bayramini ulkan yutuqlar va shodu xursandchilik bilan qarshi olmoqdamiz, shu fursatdan foydalanib, Sizlarni, Sizlar orqali butun tumanimiz ahlini, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Albatta, xalqimizning umummilliy bayrami haqida iftixor bilan so‘z yuritar ekanmiz, avvalo, mustaqilligimizning o‘tgan yillari davomida xalqimiz turli sinov va mashaqqatlarni o‘zining mustahkam irodasi, istiqlolga sadoqati va jasorati bilan yengib, o‘z o‘rnini topganligini, dunyo hamjamiyati tomonidan Yangi O‘zbekistonning barcha jabhalarda e’tirof etilayotganligi, har bir yurtdoshimizga g‘urur va iftixor baxsh etmoqda.
Zero, mustaqillik - milliy o‘zligimiz, or-nomusimiz, g‘urur-iftixorimiz timsoli, ezgu orzu-intilishlarimiz, qo‘lga kiritayotgan yutuq va marralarimizning hayotbaxsh manbai sifatida vatandoshlarimiz qalbidan, ongu shuuridan tobora mustahkam o‘rin olib kelayotgan bebaho ne’matdir.
Mustaqillik yurtimizga, xalqimizga, har birimizga, ajdodlarimiz va o‘zligimizni anglash imkoniyatini, iymon-e’tiqodimizni qaytarib berdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Mustaqillik sharofati bilan har bir shahar va qishloqlarimiz o‘zgacha chiroy ochib, eng obod va go‘zal maskanlarga aylanib bormoqda.
Ayniqsa, xalqimiz turmush darajasi va yashash sifatini oshirish, mamlakat aholisining asosiy qismi yashaydigan xududlarni jadal rivojlantirish, qishloqlarda ijtimoiy infratuzilma tarmoqlarini hamda namunaviy loyihalar asosida shahar sharoitidan kam bo‘lmagan zamonaviy uy-joy massivlari va mahalla guzarlarini barpo etish, maishiy xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash bo‘yicha ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu kunlarda “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” degan ezgu g‘oyani o‘zida chuqur mujassam etgan shior ostida, butun mamlakatimiz ahli, jumladan, tumandoshlarimiz ham Mustaqillik bayramini katta muvaffaqiyat va ulkan yutuqlar bilan kutib olmoqda.
Joriy yilning 8 oyi davomida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 105,0 foizga, iste’mol tovarlari ishlab chiqarish 103,6 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 103,7 foizga, qurilish-pudrat ishlari 105,5 foizga, chakana savdo aylanmasi 107,6 foizga, kapital quyilmalarni o‘zlashtirish 104,5 foizga, xizmatlar hajmi 113,3 foizga o‘sishga erishildi.
Bugun tumanda sanoat salohiyatini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlar o‘zining ijobiy natijalarini berganligini alohida ta’kidlamasdan bo‘lmaydi. Bugungi kunda umumiy qiymati 115 mlrd.dan.ortiq, 37 ta loyihalar ishga tushirilib, natijada 600 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. Bugungi kunga qadar, 28,9 mln.dollarlik mahsulotlar eksporti amalga oshirildi.
Tumanda xizmat ko‘rsatish sohasi ham jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda. 2023 yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra, Karmana tumanida aholi jon boshiga umumiy xizmatlar hajmi 7,7 million so‘mni tashkil etilishi prognoz qilinmoqda. Shuningdek, tumanimizda bunyodkorlik, qurilish, obodonlashtirish bo‘yicha ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun 35 mlrd.so‘mdan ortiq mablag‘ sarflanib, 64 km yo‘llar asfaltlashtirildi, 50 kmdan ortiq ta’mirtalab ichki yo‘llari hashar yo‘li bilan shag‘allashtirildi.
Aholiga bir maromda toza ichimlik suvi yetkazib berish maqsadida ichimlik suvi yetib bormagan “Yangihayot” mahallasida 13 km, Arabxona maxallasida 4,5 km, ichimlik suvi quvurlari tortilib, hudud aholisi ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Shuningdek, Nurafshon va tuman markazidagi suv inshootlari qayta rekonstruksiya qilindi. Albatta, o‘tgan yilgi kuz-qish mavsumi barchamizga saboq bo‘ldi, elektr energiyasi va gaz ta’minotida ham bir qator ishlar olib borildi. 45 km tarmoq tortish, 14 dona yangi transformator o‘rnatish, 28 dona transformator punktlarini mukammal ta’mirlash hamda 1150 dona yangi beton tayanchlar o‘rnatish, 72 km gaz tarmoqlarini yangilash ishlari amalga oshirildi, reja asosida bu yilgi mavsumga puxta tayyorgarlik ishlari davom ettirilmoqda.
Aholini uy-joyga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida Prezidentimizning tashabbuslari bilan har bir hududda “Yangi O‘zbekiston” massivlarini tashkil etish belgilanib, Karmana tumani “Do‘stlik” mahallasida ham “Yangi O‘zbekiston” massivi barpo etilib, 2023 yilda 18 ta ko‘p qavatli, 420 xonadonli uy-joylar barpo etildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining 2021 yil 6 dekabrdagi
737-son qaroriga asosan 14 nafar uy-joyga muhtoj boshpanasiz, og‘ir turmush sharoitiga tushib qolgan fuqarolarimizga “Yangi O‘zbekiston” massivida barpo etilgan uy-joylar topshirildi. Albatta ushbu ezgu ishlarimiz kelgusi yillarda ham davom etadi.
Ushbu massivda aholiga qulaylik yaratish maqsadida, 330 o‘rinli zamonaviy umumta’lim maktabi, 180 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti,
50 qatnovli tibbiyot maskani va boshqa tadbirkorlik infratuzilma ob’yektlari barpo etildi.
Maktab va maktabgacha yoshigacha bo‘lgan bolalarni sifatli ta’lim olishi maqsadida investisiya dasturiga asosan “Kumushkon”MFY hududidagi
11-sonli umumta’lim maktabiga qo‘shimcha 180 o‘rinli o‘quv blogi, Ayronchi MFY hududida joylashgan 20-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotini rekonstruksiya qilish ishlari tugallanib foydalanishga topshirilsh arafasida.
Bundan tashqari tashabbusli byudjet portali orqali tuman aholisining o‘zlarini sayi harakatlari bilan 4 ta ko‘chada 4,8 mlrd so‘mlik asfaltlashtirish, 7 ta maktab va bog‘chalarimizga 10 mlrd, 200 mln so‘mlik loyihalar amalga oshirildi. Albatta, birgina bizni Karmana tumanidagi bunyodkorlik, farovonlik va amalga oshirilayotgan ishlar haqida soatlab gapirishimiz mumkin. Bugun butun Respublikamizda ana shunday bunyodkorlik va farovonlik xukm surmoqda.
Aziz tumandoshlar!
Biz bunday baxtu saodatga, qutlug‘, nurli damlarga faqat va faqat mustaqillik, muhtaram Yurtboshimizning dono, odilona va oqilona ichki hamda tashqi siyosati, istiqlol baxsh etgan tinchlik, osoyishtalik, millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik, tunlarni tonglarga ulab qilinayotgan zahmatli, matonatli mehnat va hamjihatlik tufayli erishayotganligimizni hech qachon unutmasligimiz lozim.
Erishilayotgan bunday yutuqlar esa hurmatli Davlatimiz Rahbari tomonidan hamisha munosib taqdirlanib kelinayotganligi, har birimizni yanada kuch-g‘ayrat va fidoiylik ko‘rsatish sari dadil undaydi.
Bugun shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, Istiqlol omon ekan, biz albatta, hurmatli Prezidentimiz boshchiliklarida bunyodkor va fidoiy xalqimiz birdamligida Yangi O‘zbekiston ko‘zlagan nurli manzillarga yetamiz!
Zero, buning uchun barcha asoslarimiz yetarli. Biz uchun eng muhimi va quvonarlisi esa bunday ulug‘vor ishlarda tumanimiz ahlining ham munosib o‘rni va ulushi bo‘lishidadir.
Qadrli tumandoshlar!
Fursatdan foydalanib, Sizlarga va butun tumanimiz ahliga mustahkam sog‘lik, baxtu saodat, Vatanimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligini oshirish yo‘lidagi mas’uliyatli va sharafli faoliyatlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Mustaqillik nashidasi har bir inson qalbini nurlarga to‘ldirsin. Mamlakatimiz taraqqiyotning oydin yo‘lidan yuksaklik sari dadil odimlayversin. Xalqimiz omon, Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!
E’tiborlaringiz uchun Raxmat!