Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi faollari va bir guruh ma’rifat targʻibotchilarining Oʻzbekiston xalqiga murojaati

Qadrli vatandoshlar!

 

Keyingi oylarda mamlakatimizda boʻlib oʻtgan ulkan siyosiy voqealar – Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasining umumxalq referendumi orqali qabul qilingani va navbatdan tashqari Prezident saylovining muvaffaqiyatli oʻtkazilgani koʻpmillatli, mard va olijanob xalqimizning Yangi Oʻzbekistonni, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish yoʻlida naqadar yakdil, birdam va hamjihat ekanini yana bir bor yaqqol namoyon etdi.

Birlashgan xalq, birlashgan jamiyat oʻzining xohish-irodasi, bunyodkorlik salohiyati bilan qanday buyuk ishlarga qodir ekanini qadimiy va boy tariximiz davomida koʻp bor koʻrganmiz. “Elning kuchi – birlikda, elning baxti – tinchlikda”, deydi donishmand xalqimiz.

Darhaqiqat, birlashgan el oldida togʻlar ham bosh egadi. Birlashgan yurtning tinch, erkin va mustaqil hayoti hech qachon buzilmaydi. Birlashgan jamiyat har qanday toʻsiq va gʻovlardan, sinov va mashaqqatlardan yorugʻ yuz bilan oʻtadi, oʻz oldiga qoʻygan buyuk maqsadlarga albatta yetadi.

Yaratganga behisob shukurlar boʻlsinki, bugun bizning xalqimiz ham oʻz kuch va imkoniyatlariga ishonib, kelajakka dadil qarab, ulkan birlik va hamjihatlik ruhi bilan yashamoqda.

Bugungi kunda qanday notinch, murakkab va tahlikali zamonda yashayotganimizni albatta barchamiz yaxshi tushunamiz. Hayotning oʻzi ilgari tariximizda, taraqqiyot yoʻlimizda uchramagan muammo va vazifalarni oldimizga keskin qilib qoʻymoqda.

Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, umumiy va mushtarak maqsadlar yoʻlida milliy jipslik, har bir ishni ilm, aql va maʼrifat bilan, xalq bilan kengashgan holda amalga oshirish, faqat va faqat oldinga qarab borish bugungi hayotimiz va faoliyatimizning kundalik qoidasiga aylanishi lozim.

Ayniqsa, yosh avlodimizni eng ilgʻor ilm va kasb-hunarlar bilan qurollantirib, zamon bilan hamnafas, vatanparvarlik va insonparvarlik ruhida, har tomonlama sogʻlom va barkamol etib tarbiyalash, uni turli yot va begona taʼsirlardan asrash birinchi galdagi vazifamizga aylanmoqda.

Global miqyosda inson qalbi va ongi uchun kurash tobora kuchayib, universal vositalar, ijtimoiy tarmoqlar, erkinlik niqobidagi axloqsizlikni targʻib etadigan, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni yerga uradigan gʻoyaviy tahdidlar va axborot xurujlari kundan-kunga ortib borayotgan hozirgi vaqtda bu vazifalarni amalga oshirish naqadar qiyin ekani ham barchamizga ayon, deb oʻylaymiz. Afsuski, ekstremizm, radikalizm, axloqsizlik, korrupsiya, jinoyatchilik kabi jirkanch illatlar hali suyagi qotmagan, hayot yoʻlini aniq belgilab olmagan, zararli taʼsirlarga beriluvchan, maʼnaviy-mafkuraviy immuniteti boʻsh yoshlarimizni toʻgʻri yoʻldan chalgʻitishga urinmoqda. El-yurtimiz ravnaqi va farovonligini taʼminlash uchun amalga oshirilayotgan xalqchil islohotlarni atayin obroʻsizlantirishga, ularning maqsadi va mohiyatini notoʻgʻri talqin etishga, oilaviy qadriyatlarni oyoq osti qilgan holda, jaholat, maʼnaviy tubanlik, yovuzlik, johillik koʻrinishlarini keng targʻib etib, moʻmay daromad olishga intilayotgan kimsalar ham oramizda yoʻq emas. Bu esa xalqimizni tashvishlantirib, uning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.

Ana shunday holatlarning tahlili va ularni bartaraf etish boʻyicha oldimizda turgan dolzarb vazifalardan kelib chiqqan holda, biz – Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi faollari va bir guruh targʻibotchilar mamlakatimizdagi barcha ota-onalar, ziyolilar, mahalla, xotin-qizlar va yoshlar faollariga, muhtaram nuroniylarimizga, butun xalqimizga murojaat etishga qaror qildik.

Muhtaram ota-onalar!

Oila – jamiyatning eng asosiy va tayanch boʻgʻini. Aynan muqaddas oila qoʻrgʻoni bizga eng ulugʻ orzu-niyatlarimizni amalga oshirish imkonini beradi. Chinakam insoniy tuygʻu va fazilatlar, avvalo, oila bagʻrida kamol topadi. Shu bois, oila institutini asrash va mustahkamlash barchamizning buyuk insoniy burchimizdir.

Bugungi kunda hayotimizda sodir boʻlayotgan baʼzi salbiy va nomaʼqul holatlarning asl ildizi qayerda? Avvalo, oiladagi tarbiyada xatoga yoʻl qoʻyilgani, azaliy qadriyatlarimiz taʼsiri susaygani natijasi emasmi bu?

Zero, mamlakatimizning ertangi taqdiri va kelajagi uchun masʼul boʻladigan jondan aziz oʻgʻil-qizlarimizning tarbiyasi uchun barchamiz javobgarmiz. Chunki millat bolalarining begonasi boʻlmaydi. Tarbiya masalasida beparvo boʻlib, bir chekkada qoʻl qovushtirib turish, bu – Vatanga, kelajakka xiyonatdir.

Shu maʼnoda, ulugʻ maʼrifatparvar bobomiz Abdurauf Fitratning “Har bir millatning saodati va izzati albatta shu xalqning maʼnaviy-ruhiy qudrati, ichki intizomi, totuvligiga bogʻliq. Qayerda oila munosbati kuchli intizomga tayansa, mamlakat va millat ham shuncha kuchli va muazzam boʻladi” degan soʻzlari hozirgi kunimiz uchun ham gʻoyat dolzarb ahamiyatga egadir.

Hech qachon unutmaylik, farzandlarimizning ertaga kim boʻlib yetishi bugun ularga oilada qanday tarbiya berayotganimiz, ularning qalbini, ongini nima bilan toʻldirayotganimizga bogʻliq. Agar oʻgʻil-qizlarimizni hozirdan boshlab ilmga, hunarga, mehnatga, odob va madaniyatga oʻrgatsak, ularning koʻngliga ona yurtga muhabbat va sadoqat hissini, yuksak insoniy tuygʻularni singdirsak, avlodlar kelajagi baxtli boʻlishiga mustahkam poydevor qurgan boʻlamiz. Mabodo beparvolik bilan ularning tarbiyasini oʻz holiga tashlab qoʻysak, qalbini, ongini mobil aloqa va Internet vositalaridagi turli zararli va boʻlmagʻur “virus”larga yem qilib bersak, kelajagimizni, farzandlarimiz hayotini oʻz qoʻlimiz bilan barbod qilgan boʻlamiz.

Farzandlarimiz nimalar bilan shugʻullanayotganiga, kimlar bilan doʻst boʻlib, muloqot qilayotganiga hech qachon befarq qaramaylik. Qanchalik qiyin boʻlsa ham, ularning ijtimoiy tarmoqlarda nimalar bilan shugʻullanayotganini kuzatib boraylik, ushbu makon ular uchun halokat emas, saodat manbai boʻlib xizmat qilishi uchun zarur choralarni izlab topaylik. Inson oʻz bolasining baxti, kelajagi uchun nimalar qilmaydi? Lekin faqat taqiqlash, jazolash bilan emas, taʼsirchan tarbiya usullari, aql va bilim bilan, bogʻcha, maktab, oliygoh, mahalla jamoatchiligi, huquq-tartibot idoralari xodimlari, diniy ulamolar bilan birgalikda ish olib borsak, albatta ijobiy natija boʻladi.

Farzandlarimizni mehnatga, ilmga, hunarga oʻrgatish, ularni oʻzaro yordam, hashar, saxovat va muruvvat kabi qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalash, atrof-muhitni muhofaza qilish, ona tabiatni sevish va asrash, uni kelajak avlodlarga bezavol yetkazish ota-ona sifatida barchamizning burchimiz ekanini unutmaylik!

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Tarbiyada tanaffus boʻlmaydi”. Yuksak maʼnaviy kamolotga uzluksiz taʼlim va tarbiya uygʻunligi orqali erishiladi. Oiladagi tarbiya, jamiyatdagi yurish-turish, muomala madaniyati, salomlashish va kiyinish odobi, insoniy fazilatlarni namoyon etishda farzandlarimizga avvalo, oʻzimiz oʻrnak boʻlaylik.

Farzandlarimizda, ayniqsa, bolaligidan boshlab kitobga mehr uygʻotish oʻta muhimdir. Buning uchun xonadonlarimizda moʻjaz kutubxonalar tashkil etib, ular bilan birga kino va teatrlarga, muzeylarga, qadimiy shaharlarimiz boʻylab sayohatlarga borib farzandlarimiz qalbiga ezgu hislarni singdiraylik. Oʻgʻil-qizlar bilan samimiy, doʻstona suhbatlashib, qiziqish va intilishlarini rivojlantirishga, maʼnaviy va ruhiy olamini shakllantirishga eʼtibor beraylik. Bugun farzandlarimizga ajratgan vaqtimiz, mehrimiz va eʼtiborimiz ertaga oilamiz va jamiyatimizga hech narsa bilan oʻlchab, baholab boʻlmaydigan insoniy resurs va kapital boʻlib qaytadi.

Qadrli ziyolilar, hurmatli ustozlar!

Sizlar – jamiyatning eng ilgʻor, bilimli va maʼrifatli qatlamini tashkil etasiz.

Sizlar Vatan va xalq oldidagi fuqarolik burchingiz va vazifangizni boshqalardan koʻra chuqurroq anglab, oʻz ilm va tafakkuringiz, madaniyatingiz, maʼnaviy-ruhiy saviyangiz bilan millionlab yurtdoshlarimizga oʻrnak boʻlasiz.

Shu bois, sizlarning soʻzingiz odamlar qalbiga tezroq yetib boradi, ibratli ishlaringiz el-yurt oʻrtasida namuna boʻladi.

Yangi Oʻzbekistonda yangi madaniy va maʼnaviy makon yaratish, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodimiz ongini, dunyoqarashini islohotlarimiz jarayonida ilgari surilayotgan zamonaviy gʻoyalar asosida shakllantirishda sizlarning oʻrningiz va taʼsiringiz beqiyosdir.

El-yurtimiz sizlardan bugungi davrning butun qarama-qarshilik va ziddiyatlari, ularni hal etish yoʻllari haqqoniy ochib berilgan, zamondoshlarimizning maʼnaviy-ruhiy qiyofasi taʼsirchan aks ettirilgan ilmiy va badiiy asarlar, musiqiy, tasviriy polotnolar, zamonaviy innovatsion gʻoyalar, pedagogik texnologiyalarni hayotga joriy etish boʻyicha amaliy-metodik ishlanmalar yaratishingizni kutmoqda.

Hozirgi vaqtda mediamakonda madaniyatsizlik, axloqsizlik koʻrinishlari bilib-bilmay targʻib etilayotgan bir paytda ularga qarshi barchamiz birlashaylik, xalqimizga bunday maʼnaviy tahdidlar ortida qanday gʻarazli maqsadlar yashiringani, ular qanday ogʻir va achchiq oqibatlarga olib kelishini tushuntiraylik.

“Demokratiya”, “fikr erkinligi”, “ochiqlik” tamoyillarini niqob qilib, xalqimiz ming yillar davomida koʻz qorachigʻidek asrab kelgan qadriyatlarimizni buzishga, hayotimizni ichidan qoʻporishga aslo yoʻl qoʻymaylik.

Ziyolilar davlat va xalq oʻrtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlashda oʻziga xos koʻprikdir. Olib borayotgan targʻibot ishlarimiz yurtdoshlarimiz, avvalo, yoshlarimizda yuksak vatanparvarlik, milliy birlik, gʻurur va iftixor tuygʻularini uygʻotishga yanada samarali xizmat qilsin.

Bu borada eskirgan, zerikarli va samarasiz usullardan voz kechib, har bir uchrashuv va muloqotni taʼsirchan, noanʼanaviy va aniq natijaga xizmat qiladigan yangicha usullar asosida oʻtkazishga harakat qilaylik!

Xalqaro Internet tarmogʻi orqali tarqatilayotgan buzgʻunchi gʻoyalargʻarazli axborotlar, hayotimiz ziynati boʻlgan odob-axloqimiz, maʼnaviyatimizga salbiy taʼsir koʻrsatadigan buzgʻunchi aksiyalar, yoshlarni zalolatga boshlaydigan jirkanch tasvir va media mahsulotlar mohiyatini keskin fosh etib, oqni – oq, qorani – qora, deb, asl haqiqatning kuchini el-yurtimizga biz koʻrsatmasak, oʻzingiz ayting, kim koʻrsatadi?!

Biz shu yoʻlda barchangizni yanada faol boʻlishga chaqiramiz. Hech qachon unutmaylik, maʼnaviy kurashlar sohasida ham faqat va faqat buyuk azmu shijoat bilan dadil harakat qilgan, oldinga qarab borgan jamiyatgina maqsadiga yetadi.

Hurmatli tadbirkor va ishbilarmonlar!

Tadbirkorlar hamisha, hamma zamonlarda bunyodkor, yaratuvchi, saxovatpesha kuch boʻlish bilan birga, maʼnaviyat, madaniyat maydoni pahlavonlari sifatida ham faoliyat koʻrsatganlar. Arzimagan, oʻtkinchi, shaxsiy foydasinigina koʻzlab, millatining maʼnaviy ildizlariga bolta uradigan maxsulotlarni hech qachon yurtimizga keltirmaganlar. Tijorat bobida harom-xarish yoʻllardan yurmaganlar, oʻzgalarning haqiga aslo xiyonat qilmaganlar. Har bir ishni insof, diyonat, halollik, rozi-rizolik asosida olib borganlar. Bugun biz sizning timsolingizda ana shunday vijdoni pok, Vataniga, xalqiga sodiq Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlarini koʻramiz.

Xalqimiz doimo izlanib, yangilikka intilib yashaydigan jonkuyar tadbirkorlarni oʻz ishiga fidoyi va vatanparvar insonlar deb biladi va qadrlaydi.

Bugungi kunda hayotimizda “tadbirkor maʼnaviyati” degan tushuncha paydo boʻlmoqda. Aynan maʼnaviyat mezonlariga amal qilgan tadbirkorlarimiz el-yurtimizning ezgu duolariga sazovor boʻlmoqda.

Ishonchimiz komil, sizlar xalqimizning ana shunday yuksak bahosiga doimo munosib boʻlib, jamiyatimiz hayotiga yangi maʼnaviy nafas olib kirasiz, azaldan poklik, insof va diyonat tamoyillariga asoslangan oʻzbek savdogarlari, tijorat ahli anʼanalarini munosib davom ettirib, yanada yuksak bosqichga koʻtarasiz.

Muhtaram mahalla faollari!

Mahalla qadim-qadimdan tinchlik va osoyishtalik, ahillik va hamjihatlik, maʼrifat va tarbiya maskani boʻlib kelgan. U biz uchun Vatan ichra kichik Vatandir!

Bugungi kunda mahalla odamlar oʻrtasida mehr-oqibat bardavomligini taʼminlaydigan, milliy qadriyatlarimizni mustahkamlaydigan noyob tuzilmaga, chinakam xalq vijdoniga aylanib borayotgani albatta barchamizni quvontiradi.

Ayni paytda bugungi shiddatli zamon mahalla tizimi oldiga ham dolzarb vazifalarni qoʻymoqda. Ana shunday murakkab sharoitda ezgu qadriyatlarimiz asosida yanada birlashib, mahallalarimizni turli illatlar, maʼnaviy tahdidlardan xoli ulugʻ fazilatlar makoniga aylantiraylik.

Bugun har bir mahallada maʼnaviy-maʼrifiy, tarbiyaviy ishlarga masʼul shaxslar belgilangan. Bu borada kamarbasta boʻlayotgan nuroniy otaxon va onaxonlarimiz safi tobora kengayib bormoqda. Ularning hayotiy bilim va tajribasi, oltinga teng oʻgitlari, yuksak ijtimoiy nufuzidan oilaviy qadriyatlarni mustahkamlashda keng foydalanaylik.

Xalqimiz donishmandligining yuksak namunasi boʻlgan “Bir bolaga yetti mahalla – ota-ona” degan naqlga tayangan holda, mahalladagi har bir bolaning tarbiyasi uchun oʻzimizni masʼul deb bilaylik!

Aziz yoshlarimiz!

El-yurtimiz yangi Oʻzbekistonni va Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishda butun xalqimiz qatori sizlarga tayanadi.

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan yaratib berilayotgan qulay sharoit va imkoniyatlardan unumli foydalaning.

Mamlakatimiz kelajagi sizlarning qoʻlingizda. Yangi Oʻzbekistonni kelgusida aynan sizlar dunyoga tanitasiz. Bunga doimo munosib boʻling!

Yoshlikka xos qatʼiyat, gʻayrat va shijoat, joʻshqinlik va mardlikni, hushyorlik va tadbirkorlik, ezgu orzu-intilishlarni amaliy harakatga aylantirib, salmoqli natijalarga erishish uchun oʻz oldingizga aniq maqsadlar qoʻyib yashashdan aslo charchamang.

Vatanni sevish, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilishda Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, maʼrifatparvar jadid bobolarimizning shonli anʼanalarini ardoqlab, ularni munosib davom ettiring.

Taʼlim-tarbiya, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni oʻrganishda, zamonaviy kasb-hunarlarraqamli iqtisodiyot koʻnikmalarini puxta egallashda, jahon maydonidagi raqobatda xorijdagi tengdoshlaringizdan aslo kam emasligingizni amalda isbotlang. Siz bunga har tomonlama qodirsiz.

Buzgʻunchi gʻoyalar, vayronkor mafkuralar tuzogʻidan doimo ogoh boʻling!

Hech qachon unutmang, Siz – xalqimiz umid va ishonch bilan koʻz tikkan kelajak bunyodkorlarisiz.

Aziz vatandoshlar! Bugungi kunda xalqimizni buyuk maqsadlar sari dadil boshlab borayotgan azmu shijoatli Prezidentimiz atrofida, muqaddas Vatanimiz bayrogʻi ostida qudratli xalq boʻlib yanada jipslashaylik. Birgalikda ulkan marralarni zabt etaylik. Maʼrifatli va farovon jamiyat qurishdek ulugʻ maqsad yoʻlida aslo charchamaylik. Yangi Oʻzbekistonni barpo etish har birimizning muqaddas maqsadimizga aylansin!