Ijtimoiy tarmoqlarda "Karmana tumani “Allon” MFYda yashovchi tadbirkor Xalq banki bilan bog‘liq muammosi haqida murojaat yo‘llagan. Tadbirkorning ruxsatisiz bino garovga qo‘yilib, kredit olingani va to‘lovlar amalga oshirilmagani uchun bino auksionda sotib yuborilgan" (sarlavha nomi tahrirsiz keltirilgan) sarlavhasi ostida e'lon qilingan video murojaat yuzasidan
RASMIY MUNOSABAT
Ushbu holat yuzasidan tuman hokimligi mas’ul xodimlari hamda AT Xalq banki Karmana amaliyot bo‘limi xodimlari tomonidan o‘rganib chiqildi. O‘rganish natijalariga ko‘ra AT Xalq banki Karmana amaliyot bo‘limi va “Best Oil Karmana” xususiy korxonasi o‘rtasida 2017-yil 28-yanvar kuni № 17/1-sonli kredit shartnomasiga asosan Zarafshon Oil xususiy korxonasi balansida bo‘lgan Karmana tumani Jaloir QFYda joylashgan AYOQSHni sotib olish maqsadida 288 000 000 (ikki yuz sakson sakkiz million) so‘mni 3-yil muddatga qaytarish belgilanib, yillik 18 foiz ustama to‘lash sharti bilan bank mablag‘i hisobidan kredit mablag‘i ajratilgan. Biroq mijoz tomonidan kredit shartnoma shartlariga rioya qilinmaganligi sababli, 2017-yil 20-avgust kuni kredit qarzdorligini so‘ndirish bo‘yicha ogohlantirish xati yuborilgan. Ogohlantirish xati jo‘natilganiga qaramasdan to‘lovlar amalga oshirilmaganidan so‘ng, bank tomonidan kredit qarzdorligini undirish va garov mulklariga qaratish to‘g‘risida fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlararo sudiga jami qarzdorlikni undirish bo‘yicha da’vo arizasi kiritilgan. 2017-yil 12-oktyabr kuni sudning hal qiluv qarori chiqarilgan va 2017-yil 2-noyabr kuni Majburiy ijro byurosining Karmana tuman bo‘limi ish yurituviga tushgan.
Shuningdek, 2017-yil 27-noyabr kuni davlat ijrochisi tomonidan Mol-mulkni elektron onlayn-auksionda sotish uchun chiqarish to‘g‘risida qaror chiqarilgan va savdoga qo‘yilgan. Garov mulklari elektron auksionda sotilib, kredit qarzdorligiga yo‘naltirilganligini ma'lum qilamiz.