KARMANADA YANGI MAHALLA BINOSI FOYDALANISHGA TOPSHIRILDI
Karmana tumanidagi “Gulobod” mahalla fuqarolar yig‘ini binosining foydalanishga topshirilishi mahalla ahliga Ramazon hayiti bayrami munosib sovg‘a bo‘ldi.
2022-yilining 25-oktyabrida respublika hududlarini obod qilish, qishloq va mahallalarda infratuzilma bilan bog‘liq eng dolzarb masalalarni tizimli hal etish, xususan, joylarda ichki yo‘llar, ichimlik suv, elektr energiyasi va gaz ta’minotini, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport va boshqa infratuzilma ob’yektlarini yaxshilash, shu asosda aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish maqsadida “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi Prezident qarori qabul qilingan edi.
Unga ko‘ra, barcha hududlarda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlarini tizimli va rejali amalga oshirish uchun “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar dasturlari doirasida amalga oshiriladigan tadbirlarning yig‘ma parametrlari” tasdiqlangan.
– Binomizning qurib foydalanishga topshirilishi biz uchun muborak Ramazon hayiti bayrami arafasida haqiqiy sovg‘a bo‘ldi, – deydi mahalla raisi Shodiyeva Gulnoz. – Shu kunga qadar mahallamiz binosi ta'mirtalab ahvolda edi. Ayni paytda mahallamizda 441 ta xonadonda 2192 nafar aholi istiqomat qiladi. Yangi binoda xodimlarning ish olib borishi uchun barcha sharoit va qulayliklar mavjud. Davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan bu kabi imkoniyatlardan unumli foydalangan holda aholimizning turmush tarzini yanada yaxshilash, ishsizlik darajasini kamaytirish uchun bor kuch-g‘ayratimizni ishga solamiz.
Mahalla binosining ochilish marosimida mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi va bu yerda yaratilgan qulayliklar bilan yaqindan tanishildi.