Tuman hokimi F.S.Umarovning
Ramazon hayiti munosabati bilan tuman ahliga
BAYRAM TABRIGI

 

 

Qadrli tumandoshlar!

Xalqimizning ma’naviy hayotida alohida o‘rin tutadigan, muqaddas islom dinining ezgu g‘oyalarini yaqqol ifoda etadigan qadimiy bayramimiz – Ramazon hayitini keng nishonlayotganimiz xalqimizga quvonch ulashmoqda.

Ayniqsa, Davlatimiz Rahbarining joriy yil 20 aprelda Ramazon hayitini umumxalq bayrami sifatida keng nishonlash, jamiyatimizda insonparvarlik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat, saxovat va shukronalik tuyg‘ularini kuchaytirish maqsadida qabul qilingan Farmoni muqaddas dinimizga bo‘lgan e’tibor namunasidir, albatta.

Shu fursatdan foydalanib, Sizlarni va sizlar orqali tumanimiz ahlini ushbu ulug‘ ayyom Ramazon hayiti ayyomi bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Hurmatli tumandoshlar!

Joriy yilgi Ramazon oyi har yilgidanda o‘zgacha ruhda va ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi desak hech mubolag‘a bo‘lmaydi albatda. Joriy yil Ramazon oyligi doirasida butun Respublikada bo‘lgani kabi tumanimizdagi 5 ta jome masjidlarida ham xatmi Qur’onlar bir vaqtda boshlanib, qariyb bir oy davomida Qur’on tilovatlar qilinib, jonajon Vatanimizning tinchligi va ravnaqi hamda halqimizni farovon yashashliklari uchun ko‘plab duolar qilindi.

Shuni mamnuniyat bilan ta’kidlash joizki, yurtimizda hukm surayotgan millatlar va fuqarolar totuvligi, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat muhitini ko‘z qorachig‘idek saqlash hamda mustahkamlash, yurtimizda vijdon va e’tiqod erkinligi, turli millat vakillarining huquqlari keng kafolatlanib, diniy bag‘rikenglik muhiti mustahkamlanmoqda.

Darhaqiqat, keskin va tahlikali sharoitda, tevarak-atrofda bo‘layotgan turli fojialar, xunrezliklar hamda har xil xurujlar mohiyatini teran anglab, hushyorlik va ogohlikni yanada oshirish hammamizning muqaddas burchimiz bo‘lishi kerak.

Shu o‘rinda, Prezidentimizning “Musulmonchilik har birimizning yuragimizda, vijdonimizda bo‘lishi lozim. Inson imon-e’tiqodli bo‘lsa, yurtiga sodiq bo‘lib xizmat qilsa, u haqiqiy vatanparvar bo‘ladi”, degan da’vatiga amal qilib, qalbimizga jo qilsak har tomonlama o‘rinli bo‘ladi.

Aziz tumandoshlar!

Yana bir bor Sizlarni va siz orqali barcha tumanimiz ahlini ulug‘ ayyom Ramazon hayiti bayrami bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Sizlarga mustahkam sog‘lik, baxtu saodat, Vatanimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligi yo‘lidagi sharafli ishlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

Ramazon hayiti barchamizga muborak bo‘lsin!