Karmana tuman hokimi F.S.Umarovning tuman ahliga yangi yil bayram
TABRIGI
Hurmatli, tumandoshlar. Qadrli do‘stlar!
Betakror diyorimizga yangi – 2023-yil kirib kelmoqda.
Siz azizlarni, mo‘tabar nuroniylarimiz, mehribon opa-singillarimiz, navqiron yoshlarimizni – ko‘p millatli butun xalqimizni ushbu go‘zal ayyom bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Barchangizga sihat-salomatlik, tinchlik-xotirjamlik, baxtu saodat va farovonlik tilayman.
Aziz do‘stlar!
Darhaqiqat, bugun tumanimiz markazi va qaysi qishlog‘iga bormang, ertangi kun zavqi bilan yonib yashayotgan, yurt obodligi uchun halol mehnat qilayotgan tumandoshlarimizning yuzu ko‘zlaridan shukronalik tuyg‘ularini ilg‘ash qiyin emas. Eng asosiysi, qo‘lga kiritayotgan ulkan yutuqlarimiz zamirida zahmatkash xalqimizning halol mehnatlari mujassamdir.
Ayniqsa, bugun bor kuch va imkoniyatlarimiz yurtimiz taraqqiyotiga safarbar etilgan bir paytda, amalga oshirilayotgan izchil islohotlar va oqilona siyosat samaradorligi xalqimiz turmush tarzini yangi bosqichga ko‘tarish, aholini ijtimoiy himoya qilish, keksalarimizni qadrlash, eng muhimi, tinchlik-totuvlik, mustaqillikni asrab-avaylash, ozod va obod Vatan barpo etish jabhalarida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Shuni mamnuniyat bilan alohida ta’kidlash lozimki, ushbu yilda har bir soha bo‘yicha ko‘plab natijalarga erishilib, bunyodkorlik, aholi hayot darajasini yaxshilash va yurt farovonligi yo‘lida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Xalqimizning turmush darajasi yaxshilanib bormoqda. Tumanda joriy yilda ko‘plab ijtimoiy soha obyektlarining qad rostlashi, sanoatning jadal suratlar bilan rivojlanayotganligi, tadbirkorlik faoliyatining yanada avj olayotganligi buning yorqin misolidir. Yil davomida tadbirkorlikni faol qo‘llab-quvvatlanishi, turli sohalarda investison dasturlarning hayotga tadbiq etilishi natijasida tumanda sezilarli investitsion muhit yaratildi.
Yangi yilda ham ulkan ezgu ishlarni birgalikda davom ettiramiz. Ko‘zda tutilgan ushbu ishlarning barcha-barchasi, hech shubhasizki, o‘zining mantiqiy yakuniga yetkaziladi, ko‘zlangan maqsadga erishiladi.
Aziz tumandoshlar!
Shu go‘zal oqshomda barchamizning niyatimiz, tilagimiz bitta:
yurtimizda yashayotgan har bir oila, har bir inson murod-maqsadiga yetsin!
Jonajon O‘zbekistonimiz gullab-yashnasin, dunyomiz tinch bo‘lsin!
Kirib kelayotgan 2023-yil ona diyorimizga fayzu baraka, yangi yutuq va zafarlar olib kelsin!
Yangi yil barchamizga muborak bo‘lsin!