Noyabr oyida bog‘-tokzorlar, mevali bog‘larda amalga oshiriladigan agrotexnik tadbirlar

           Kuz oylarida bog‘-tokzorlar, mevali bog‘larda olib boriladigan ishlarni to‘g‘ri rejalashtirish katta ahamiyat kasb etadi. Mevali daraxtlardan kelgusi yilda yuqori hosil yig‘ib olish uchun noyabr oyida bajariladigan agrotexnik tadbirlar muhim hisoblanadi.

          Noyabr oyida bog‘ - tokzorlarda kelgusi yilda mo‘l va sifatli hosil olish uchun quyidagi ishlarni amalga oshirish talab qilinadi: 1. Bog‘ va tokzorlardagi to‘kilgan barglarni yig‘ib olish va daladan tashqariga chiqarib tashlash; 2. Bog‘ va tokzorlarning atrofini 25 - 30 sm chuqurlikda ag‘darish; 3. Mevali daraxtlarning kasallangan novdalarini kesib tashlash; 4. Qurib qolgan, singan shohlarni qirqib olib tashlash; 5. Bog‘ qator oralarini ag‘darib, haydash ishlarini amalga oshirish; 6. Ob-havo sharoitiga qarab, yog‘ingarchilik bo‘lmagan kunlarida daraxtlarning barglari 70-80 % to‘kilgan bog‘larni monilioz, parsha va boshqa kasalliklarga qarshi Fitalovin+Farmoed (10 L suvga 20 G + 5 G) yoki Karbomidning 6 yoki bordo suyuqligining 3 foizli eritmasi bilan jiqqa ho‘l qilib yuvish; 7. Noyabr-Dekabr oylarida daraxtlarga yaxob suvi berish.

Shu bilan bar qatorda bog‘larda, mevali daraxtlarni birinchi galda o‘rik, shaftoli, olxo‘ri, gilos, yirik mevali olcha daraxtlarining tana va ona shohlarini oqlash talab etiladi. Bunda 10 L suvga 2 kg. tuproq, 1,5 kg ohak hamda mol shatmog‘i qo‘shib aralashma tayyorlanib oqlansa, oqlangan joy tez yuvilib ketmasligini tajribali fermerlarimiz juda yaxshi bilishadi.

        Shuningdek, mutaxassislarni taʼkidlashicha bog‘larni shudgor qilishdan oldin hosilli bog‘larga har 2-3 yilda bir marotaba gektariga 20-40 tonna organik o‘g‘it (go‘ng), har yili mineral o‘g‘itlardan sof holda fosfor 150-180 kg, kaliy 50-60 kg solinib, bog‘lar 35-40 sm, tokzor qator oralari esa 25-35 sm chuqurlikda shudgor qilinishi kerak. Shunda bog‘ va tokzorlardan yuqori sifatli hosil olish mumkin. Bo‘z tuproqlardagi bog‘ va tokzorlarga har yili sof holda 60-90 kg fosfor va 60 kg kaliy solinishini maqsadga muvofiq bo‘lib, bu orqali bog‘ va tokzorlarning hosildorligi hamda turli kasalliklarga va sovuqqa chidamliligini oshirishini keltirib o‘tishgan.

Bugungi kunda tuman hudularidagi mavjud bog‘ hamda tokzorlarda agrotexnik tadbirlar olib borilmoqda. Bunda O‘simliklar karantini va himoyasi Karmana tuman bo‘limi fitosanitar nazorati davlat inspektrlar ham o‘zlariga biriktirilgan hududlarda nazorat ishlarini olib borib hozirda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan agrotexnik tadbirlar doirasida o‘zlarining tegishli tavsiyalarini berib bormoqdalar.

          O‘simliklar karantini va himoyasi Karmana tumani bo‘limi

fitosanitar nazorati davlat inspektorlari Vaxobjon Odilov,

Murodulla Xidirov, Xumoyunbek Yorqulov.