Issiqxonada oʻstiriladigan bodring ekinlarini oziqlantirish
Oʻsimliklar karantini va himoyasi Karmana tumani fitosanitar nazorati davlat inspektorlari tuman hududlaridagi mavjud issiqxonalarda doimo fitosantir nazorat ishlarini olib bormoqdalar. Tumanning “Yangi ariq” MFY hududidagi “Muhammad Ali orzusi” MChJ ga qarashli issiqxonada parvarishlanayotgan bodring nihollarini fitosanitar nazoratdan oʻtkazib , bushungi kunda amalga oshirilishi zarur boʻlgan agrotexnik tadbirlar doirasida oʻzlarining tegishli tavsiya va koʻrsatmalarini berdilar.
Bodring oʻsimligi issiqxonada oʻsishi davrida ozuqa elementlari va tuproq eritmasi konsentratsiyasi mutanosibligini ushlab turish lozim. Koʻchatni ekib boʻlgandan keyin yuqori sifatli issiqxona tuprogʻi tezda ozuqaning zaruriy unsurlari bilan oʻsimlikni toʻliq ta'minlaydi.
Shuning uchun birinchi oyda ildiz tizimi rivojlanadi. Bodring mevalari oʻsishi boshlanguncha oʻsimliklar tuproqdan yetarli miqdorda kerakli moddalarni oladi. Unumdor boʻlmagan erlarda oʻsimlik oʻzini tutib olishi bilan 12-15 sutkadan keyin qoʻshimcha oziqlantiriladi. Bu vaqtda ekishga qadar tuproqqa solingan asosiy elementlarning miqdori kamayadi. Ularni oʻsimliklar tomonidan iste'mol qilinishi esa ortadi.
Oziqlantirishda oʻgʻitlarning me'yori va nisbatini aniqlash uchun har 2 haftada tuproqdan namuna olib tahlil qilinadi.
Olingan ma'lumotlarga muvofiq, moddalarning kerakli miqdori solinadi. Bir marta qoʻshimcha oziqlantirish uchun bodring ekinining ilk yoshida mineral moddalarning yuqori me'yori 1 m kv maydonga 7,0 g ni tashkil qiladi.
Bodring ekini tuproq eritmasining yuqori konsentrasiyasini koʻtara olmaydi. Shuning uchun bu koʻrsatgich 0,7% dan yuqori boʻlmasligi kerak. Qoʻshimcha ozuqani 10-15 kundan soʻng eritma holida sugʻorish bilan birga amalga oshirish mumkin.
Dastlab 10 l suvga 30-40 g oʻgʻit aralashmasi, intensiv hosil berish paytida 70-80 g dan beriladi. Qoʻshimcha ozuqani oz-oz miqdordan tez-tez berish kerak. Toʻgʻri oʻgʻitlangan tuproqlar yuqori darajada toʻyintirilgan qoʻshimcha ozuqaga muhtoj emas.
Ozuqa moddalarga va namlikka ehtiyoj quyosh nurlari moʻl boʻlganda sezilarli darajada ortadi. Ildiz tizimining faoliyati susayganda, bodringning ildizdan tashqari ozuqasi qoʻllaniladi. Azot miqdori 5-8 g, kaliy 7-8 g va fosforning 10-12 g konsentrasiyasida boʻlgan oʻgʻit 10 l suvga qoʻshib beriladi. Uni oʻsimlik barglariga bulutli kunlarda yoki quyoshli kunlarda kunning ikkinchi yarmida issiqxona harorati pasaygandan keyin purkash kerak.
Alohida qoʻshimcha ozuqa mikroelementlar bilan 10 l suvga 10 ml onalik eritmasini qoʻshib beriladi. Onalik eritmasi tarkibida 7-12 g marganes sulfat, 8-10 g borat kislota, 2 g mis sulfat, rux sulfat, kobalt sulfat va 1 g molibden alyuminiy tuzi qoʻshiladi. 10 sotix maydonga tayyor ozuqaning 250-300 l eritmasi toʻgʻri keladi.
Oʻsimliklar karantini va himoyasi Karmana tuman boʻlimi fitosanitar nazorati davlat inspektorlari Mustafo Nazarov, Furqat Raxmatov, Murodulla Xidirov, Vaxobjon Odilov.