O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim Farmon va qarorlariga kiritiladigan o‘zgartishlar


1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni tashkil etishni va ularning faoliyatini rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 1996 yil 31 maydagi PF-1467-sonli Farmonida:
a) 2-bandidagi «ilovaga muvofiq» so‘zlari chiqarib tashlansin;
b) ilovasi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Xususiy tadbirkorlik, kichik biznesni rivojlantirishni yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 1998 yil 9 apreldagi PF-1987-sonli Farmonining 1-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
«1. Belgilab qo‘yilsinki, 2014 yilning 1 iyulidan quyidagilar kichik tadbirkorlik (biznes) sub’ektlari toifasiga kiritiladi:
yakka tadbirkorlar;
ishlab chiqarish sohasida yiliga o‘rta hisobda yigirma nafardan, xizmat ko‘rsatish hamda boshqa noishlab chiqarish sohalarida — o‘n nafardan, ulgurji, chakana savdo va umumiy ovqatlanish sohasida — besh nafardan oshmaydigan ishchi xodimlarga ega bo‘lgan mikrofirmalar;
quyidagi sohalarda yiliga o‘rta hisobda ish bilan band bo‘lgan:
engil, oziq-ovqat hamda qurilish materiallari sanoatida — ikki yuz nafardan;
metallga ishlov berish va asbobsozlik, yog‘ochsozlik hamda mebel sanoatida — yuz nafardan;
mashinasozlik, metallurgiya, yoqilg‘i-energetika va kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini etishtirish va qayta ishlash, qurilish va boshqa ishlab chiqarish — sanoat sohasida — ellik nafardan;
ilm-fan, ilmiy xizmat ko‘rsatish, transport, aloqa, xizmat ko‘rsatish sohalari (sug‘urta kompaniyalaridan tashqari), savdo va umumiy ovqatlanish hamda boshqa noishlab chiqarish sohalarida — yigirma besh nafardan oshmaydigan xodimga ega bo‘lgan kichik korxonalar».
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009 yil 1 dekabrdagi PQ–1236-sonli qarori bilan tasdiqlangan Sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturini tuzish jarayonida davlat boshqaruvi organlari va loyihalar tashabbuskorlarining o‘zaro hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 6-bandi quyidagi mazmundagi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
«Mahalliylashtirilayotgan mahsulotlarni ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish ishlab chiqarish quvvatlari doirasida Maxsus Idoralararo komissiya va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilmagan holda loyihalar tashabbuskorlari tomonidan amalga oshiriladi».
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Tadbirkorlik sub’ektlarini tekshirishlarni yanada qisqartirish va ular faoliyatini nazorat qilishni tashkil etish tizimini takomillashtirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2011 yil 4 apreldagi PF–4296-sonli Farmoni 1-bandining uchinchi xatboshidagi «2014 yilning 1 apreligacha» so‘zlari «2017 yilning 1 yanvarigacha» so‘zlari bilan almashtirilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «1999 yilda xorijiy investorlar ishtirokida kapital qurilishni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida» 1998 yil 31 dekabrdagi 548-sonli qarorida:
a) 1-bandidagi «(1-ilova)» so‘zlari chiqarib tashlansin;
b) 1-ilovasi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 19 maydagi 195-sonli qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2000 y., №5, 25-modda) bilan tasdiqlangan Tijorat banklari tomonidan kichik tadbirkorlik sub’ektlariga, dehqon va fermer xo‘jaliklariga Imtiyozli kredit berish maxsus jamg‘armasi hisobidan kredit berish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 23-bandidagi «tijorat banklarining bo‘linmalari va o‘z tarkibida bo‘linmalari bo‘lmagan tijorat banklari uchun, shuningdek xususiy banklar uchun — 10 ish kuni, banklarning viloyat bo‘linmalari uchun — 15 ish kuni va bosh (respublika) banklari uchun — 20 ish kuni» so‘zlari «uch ish kuni» so‘zlari bilan almashtirilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 20 avgustdagi 178-sonli qarori bilan tasdiqlangan Meva-sabzavot va chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha mini-texnologiyalar va ixcham asbob-uskunalar sotib olish uchun fermer xo‘jaliklariga va kichik biznesning boshqa sub’ektlariga imtiyozli kreditlar berish va lizing xizmatlari ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 14-bandidagi «10 ish kuni» so‘zlari «uch ish kuni» so‘zlari bilan almashtirilsin.

(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2014 y., 15-son, 163-modda, 50-son, 589-modda; 2017 y., 2-son, 25-modda)

 

Кармана туман ҳокимлиги веб-сайтида
ёритилган вақти: 17.03.2020 йил