KARMANA TUMANI HOKIMI VALIJON ADIZOVNING 9-MAY – XOTIRA VA QADRLASH KUNI MUNOSABATI BILAN TUMAN AHLIGA BAYRAM TABRIGI
Aziz tumandoshlar!
Bugun shonli bayram – 9 may – Xotira va qadrlash kuni katta shodu xurramlik bilan keng nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan barchangizni ushbu bayram bilan chin dildan samimiy tabriklayman.
9 - may kuni har yili yurtimizda nafaqat xotira, balki yoshi ulug‘ insonlarni qadrlash, e’zozlash kuni sifatida ham keng nishonlanadi. Joriy yilda ham bugungi kunlarga yetib kelgan tabarruk keksalarimiz, urush va mehnat faxriylarimiz ziyorat qilinib, ularning duosi olinmoqda.
Bizni tarbiyalab, voyaga yetkazgan, umr yo‘llarida bizga tayanch va suyanch bo‘lgan tabarruk insonlarga ehtirom ko‘rsatish xalqimizning azaliy qadriyatlaridan biridir. Ayni kunlarda hurmatli nuroniylarimizga e’tibor va g‘amxo‘rlikni yanada kuchaytirish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, hasharlar uyushtirib, ularning xonadonlarida obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Janggohlarda mardlik va jasorat ko‘rsatgan, front ortida fidokorona mehnat qilib, bugun oramizda sog‘-salomat bo‘lib yurgan muhtaram, duogo‘y faxriylarimizga ta’zim bajo aylaymiz! Bugungi tinch – osoyishta hayotimiz, musaffo osmonimiz uchun ularga cheksiz va samimiy minnatdorchilik bildiramiz.
Aziz tumandoshlar!
Barchangizni yana bir bor 9-may – Xotira va qadrlash kuni bilan qutlab, Sizlarga sihat-salomatlik, baxt-saodat, xonadonlaringizga fayz va qut-baraka tilayman.
Bayramlaringiz muborak bo‘lsin!