Ijtimoiy tarmoqlarning birida "Mavyanova Dilfuza hozirgi kunda narkologiya bo‘limida 0.25 stavkada ishlashi va hozir ijarada turishi o‘zi nogiron ekanligi, Prezidentdan uy-joy masalasida yordam berishi so‘ralgan. Yordam so‘rab murojaat qilganligi, lekin murojaati e’tiborsiz qoldirilgan" (sarlavha nomi tahrirsiz keltirilgan) sarlavhasi ostida e'lon qilingan video murojaat yuzasidan

RASMIY MUNOSABAT

 

Ushbu holat yuzasidan kuni kecha Karmana tuman hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i G.Djalilova fuqaro Mavyanova Dilfuza yashayotgan xonadonda bo‘lib, vaziyatga aniqlik kiritdi.

 

Ma'lum bo‘lishicha Mavyanova Dilfuza subsidiya asosida uy-joy olish uchun ariza topshirgan ammo O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 601-sonli nizomiga asosan daromad mezonga muvofiq kelmaganligi sababli rad javobi berilgan. Ma'lumot uchun shuni aytish joizki, subsidiya asosida uy-joy olmoqchi bo‘lgan fuqarolarning arizalari inson omilining aralashuvisiz “subsidiya.idm.uz” dasturiy ta’minoti orqali avtomatik tarzda shakllantiriladi. Shuningdek, tuman hokimi o‘rinbosari tomonidan fuqaro D.Mavyanovaga Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 31-martdagi “Xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 145-sonli qaroriga asosan turar joy ijarasi to‘g‘risidagi shartnoma asosida turar joy ijarasi uchun to‘lovlarning 50 foizi, lekin ko‘pi bilan 500 ming so‘mgacha bo‘lgan qismini to‘lab berish taklif etildi ammo fuqaro bu imtiyozdan foydalanishni rad etib, joriy yilning oktabr oyida takroriy subsidiya asosida uy-joy olish uchun ariza topshirganligini ma'lum qildi.